Genri Kavill Supermen roliga qaytish ehtimolini istisno qilmadi
Aktyor DC rahbariyati almashgani va rolning yangi ijrochisi paydo boʻlganiga qaramay, superqahramon obrazidan butunlay voz kechmasligini aytdi.

Genri Kavill DC Studiosʼdagi ijodiy rahbariyat almashganidan keyin voz kechishga majbur boʻlgan Supermen roliga qaytish ehtimolini istisno qilmadi. Bu haqda aktyor Inverse nashriga bergan intervyusida aytdi.
«Ajoyib syujetlar juda koʻp. Imkoniyatlar har doim mavjud. Men “hech qachon hech qachon dema” degan tamoyilga amal qilaman. Supermen rolini ijro etish menga nihoyatda yoqqan, shuning uchun bunday imkoniyatni istisno qilmayman», — dedi Kavill.
Aktyor, shuningdek, qizi tugʻilganidan keyin superqahramon obrazi uning uchun alohida ahamiyat kasb etganini aytdi. Yaqinda qizaloq oʻyinchoq Supermenni koʻrib, uni «dadam» deb atadi. Kavillning soʻzlariga koʻra, bu lahza unga qattiq taʼsir qilgan.
2022 yilda aktyor «Qora Adam» filmining titrlardan keyingi sahnasida bu rolga qaytdi. Warner Bros. hatto «Poʻlat odam» filmining davomini suratga olish imkoniyatini ham koʻrib chiqdi, biroq Jeyms Gunn va Piter Safran DC Studios rahbariyatiga kelganidan keyin rejalar oʻzgardi. Kavill loyihani tark etdi, Supermen rolini esa Devid Korensvet ijro eta boshladi.
Hozircha Kavillning bu rolga qaytishi boʻyicha hech qanday rasmiy reja yoʻq.






