NBA Yevropadagi arenalarga qariyb 10 mlrd yevro sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda
NBA 2027 yilga qadar FIBA bilan yangi professional liga tashkil etishga tayyorgarlik doirasida Yevropadagi arenalarni rivojlantirish va yangilashga sarmoya kiritish uchun investitsiya kompaniyalarini birlashtirdi.

Mablagʻlar nafaqat sport obyektlariga, balki ularga tutash hududlarni rivojlantirishga ham yoʻnaltirilishi rejalashtirilmoqda. Rejalarga yil davomida odamlarni oʻziga jalb qiladigan uy-joylar, ish joylari, restoranlar, doʻkonlar va jamoat hududlari kiradi.
Boʻlajak klublar va mulkdorlar guruhlari zamonaviy arenalar hamda ularning atrofidagi infratuzilmani yaratish uchun NBA kapitali va tajribasidan foydalanishi mumkin boʻladi. Tashabbus NBA va FIBAning 2027 yilda Yevropada yangi professional basketbol tizimini ishga tushirish rejalarining bir qismidir.
NBA komissari Adam Silverning taʼkidlashicha, zamonaviy arenalar va ular bilan bogʻliq loyihalar jamoalarga muxlislar taassurotlarini yaxshilash hamda koʻproq tadbirlarni jalb qilishga yordam berishi mumkin.
Eʼlonda keltirilgan The Sports Consultancy tadqiqotiga koʻra, yangi liga Yevropa iqtisodiyotini 24 mlrd yevrodan ortiq yalpi qoʻshilgan qiymat bilan taʼminlashi mumkin. Shuningdek, u har yili toʻliq bandlik hisobida qariyb 15 000 ta ish oʻrnini qoʻllab-quvvatlashi va dastlabki 10 yil ichida qariyb 70 mln tomoshabinni jalb qilishi mumkin.






