Titanikdan uzunroq layner sunʼiy rifga aylandi
SS United States eng yirik sunʼiy rifni yaratish uchun Florida qirgʻoqlari yaqinida ataylab choʻktirildi. Kema Meksika koʻrfazining qariyb 55 metr chuqurlikdagi tubiga yotdi.

Okean layneri SS United States 11 noyabr kuni dengizga olib chiqildi. Uning korpusida teshiklar ochildi va ular orqali ichkariga suv kira boshladi. Kema tik holatda tubga choʻkdi.
Tashkilotchilar layner taxminan bir soatda suv ostiga ketadi deb hisoblagan, biroq jarayon choʻzilib ketdi.
Endi kema qariyb 55 metr chuqurlikda, uning yuqori palubalari esa suv yuzasidan taxminan 18 metr pastda joylashgan. Yangi obyekt okrugdagi taxminan 500 ta sunʼiy rifdan biriga aylanadi.
SS United States 1946 yilda loyihalashtirilgan. Layner 1952 yildagi ilk reysi vaqtida Atlantika okeanini kesib oʻtish tezligi boʻyicha rekord oʻrnatgan. Uning uzunligi qariyb 305 metr, «Titanik»ning uzunligi esa 269 metr boʻlgan.
Turli yillarda layner yoʻlovchilari orasida Garri Trumen, Jon F. Kennedi, Bill Klinton, Merilin Monro, Uolt Disney, Salvador Dali va Koko Shanel boʻlgan. 1963 yilda kema Leonardo da Vinchining «Mona Liza» asarini Atlantika orqali tashigan.
Layner 1969 yilda foydalanishdan chiqarilgan. Shundan keyin SS United States 30 yil davomida prichal yonida qolgan. Tarixiy merosni muhofaza qiluvchi tashkilotlar kemani qayta tiklashga bir necha bor urinib koʻrgan, biroq 2026 yilda rasmiylar undan sunʼiy rif yaratish uchun foydalanishga qaror qilgan.






