BMT 7,3 mln kishiga oziq-ovqat yordami qisqarishi xavfi haqida ogohlantirdi
Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori Lyuk Lindberg BMT Xavfsizlik Kengashida Ormuz boʻgʻozi, Bab-el-Mandeb va Qora dengizdagi uzilishlar 7,3 mln kishiga yordam koʻrsatilishini xavf ostida qoldirishi mumkinligini aytdi.

Vaziyat saqlanib qolsa, BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi 2027-yil oʻrtalariga qadar 727 mln dollar miqdorida qoʻshimcha xarajatlarni kutmoqda. Lindbergning soʻzlariga koʻra, bu muhtoj oilalarga oziq-ovqat yetkazib berish qisqarishiga olib kelishi mumkin.
WFP uzilishlarni mojarolarning kuchayishi va iqlimiy zarbalar, jumladan, El-Ninyo hodisasi bilan bogʻlamoqda. Dunyodagi oʻgʻit taʼminotining qariyb 30 foizi Ormuz boʻgʻozi orqali oʻtadi. Qora dengiz Somali va Yaman uchun muhim don manbai boʻlib qolmoqda, Yaman oziq-ovqatining 90 foizini import qiladi.
Oktabr oʻrtalariga kelib, Bosfor orqali bugʻdoy va makkajoʻxori ortilgan kemalar soni bir yil avvalgiga qaraganda 63 foizga kam oʻtgan. WFP bahosiga koʻra, Rossiya va Ukraina donining 10 mln tonnagacha boʻlgan qismi jahon bozorlariga chiqmay qolishi mumkin — bu hajm taxminan 44 mln kishiga yetar edi.
Hozir oʻtkir ochlik 266 mln kishiga taʼsir qilmoqda, Sudan, Janubiy Sudan va Somalining ayrim hududlarida esa ocharchilik xavfi saqlanib qolmoqda. Sudanda asosiy oziq-ovqat ratsioni narxi fevraldan beri 130 foizga oshgan. Lindberg mamlakatlarni ocharchilikka yoʻl qoʻymaslikka, oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanmaslikka va gumanitar xodimlarga hujum qilmaslikka chaqirdi.






