Oʻzbekiston va Turkiya turizm sohasidagi qoʻshma loyihalar rejasini tayyorlaydi
Oʻzbekiston va TİKA turizm hamda taʼlim sohalaridagi qoʻshma loyihalar boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldi. Unda ustuvor yoʻnalishlar, bosqichlar va masʼul ijrochilar belgilanadi.

Kelishuv 19-noyabr kuni Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulovning TİKAning Toshkentdagi ofisi koordinatori Esin Ajar Ergin bilan uchrashuvida erishildi.
Tomonlar Turkiyaning kasbiy taʼlim borasidagi tajribasini Oʻzbekiston texnikumlarida joriy etish masalasini muhokama qildi. Jumladan, turkiyalik oʻqituvchilarni jalb etish, malaka oshirish kurslarini tashkil qilish va mamlakat hududlarida oʻquv laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bu chora-tadbirlar mehmonxonalar va restoranlar uchun mutaxassislar tayyorlashga, shuningdek, turistik xizmatlar sifatini yaxshilashga yordam beradi.
Qoʻshma yoʻl xaritasida ustuvor loyihalar, ularni amalga oshirish muddatlari, masʼul ijrochilar va kutilayotgan natijalar belgilanadi. Shuningdek, tashabbuslarni TİKAning Oʻzbekistondagi 2027-yilgi faoliyat dasturiga kiritish imkoniyati ham koʻrib chiqilmoqda.






