Kosmik samolyot Dream Chaser AQShda qoʻnishga ruxsat oldi
Amerikaning Sierra Space kompaniyasi Dream Chaser kosmik samolyotining ilk orbital parvoziga yaqinlashdi.

AQSh Federal aviatsiya maʼmuriyati (FAA) apparatga kosmosdan qaytib kelish va Kaliforniyadagi Vandenberg bazasiga qoʻnishga ruxsat berdi, deb xabar bermoqda Naked Science.
Litsenziya besh yil amal qiladi va apparat konstruksiyasi hamda parvoz parametrlari oʻzgarmagan taqdirda, yiliga toʻrt martagacha orbitadan qaytishga ruxsat beradi.
Tenacity deb nomlangan seriyaning birinchi kosmik samolyoti yigʻiladigan qanotlar bilan jihozlangan. Uni orbitaga Vulcan Centaur raketasi olib chiqishi kerak. Oddiy qaytuvchi kapsulalardan farqli ravishda, Dream Chaser samolyot kabi uchish-qoʻnish yoʻlagiga qoʻna oladi.
Apparat Yerga ilmiy tajribalar natijalari va nozik uskunalarni oʻz ichiga olgan qariyb 1,85 tonna yukni yetkazib bera oladi.
Birinchi parvoz dastlab 2027-yil bahoriga moʻljallangan. Biroq FAA ruxsati kosmik samolyotni uchirishga emas, faqat uning qaytishi va qoʻnishiga taalluqli.






