Mirziyoyev: «Bizga keyinchalik budjetdan mablagʻ talab qiladigan arzon yoʻllar kerak emas»
Prezident kelasi yildan boshlab xalqaro yoʻllarni qurish va rekonstruksiya qilishda polimer bitum hamda geotekstilni majburiy qoʻllashni topshirdi

Kelasi yil mart oyidan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi 50 ming tonna polimer bitum ishlab chiqarishni boshlaydi. Yil oxirigacha ishlab chiqarish hajmini kamida ikki baravar — 100 ming tonnagacha oshirish topshirildi.
Mirziyoyevning aytishicha, materialdan toʻgʻri texnologiya asosida foydalanish yoʻllarning xizmat muddatini 3–4 yilga uzaytiradi, ularning issiqqa chidamliligini oshiradi va qayta taʼmirlash xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.
Urganch — Xiva pullik yoʻlida asfalt-beton qoplamasida ilk bor geotekstildan foydalanildi. Material yuklamani bir tekis taqsimlaydi, qoplamani deformatsiyadan himoya qiladi va yoʻlning xizmat muddatini 4–5 yilga uzaytiradi.
Mutasaddilarga polimer bitum va geotekstildan foydalanishni yoʻl qurilishi standartlariga kiritish topshirildi. Kelasi yildan bu talab xalqaro yoʻllar uchun majburiy boʻladi, keyinroq esa davlat va mahalliy ahamiyatdagi yoʻllarga ham tatbiq etiladi.






