Afgʻoniston yaqin vaqt ichida Amudaryodan Qoʻshtepa kanaliga suv yoʻnaltirmoqchi
Qoʻshtepa kanalining ikkinchi bosqichidagi yer ishlari 99 foizga bajarildi. Afgʻoniston yaqin vaqt ichida Amudaryodan kanalga suv yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Aniq muddatlar hozircha aytilmagan.

Afgʻoniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi vakili Nabiulloh Argandival bosh suv olish inshooti qurilishi davom etayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, suv oqimini tartibga solish uchun 47 ta koʻprik va inshoot barpo etilmoqda.
Dastlabki baholarga koʻra, kanalning suv oʻtkazish quvvati sekundiga qariyb 650 kub metrni tashkil etadi. Loyiha 500–600 ming gektar qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorishni taʼminlashi kerak. Afgʻoniston hukumati buning hisobiga ekin maydonlarini kengaytirish, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaramlikni kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, Afgʻoniston tomoni hozircha suv olishning taxminiy hajmini oshkor qilgani yoʻq va Amudaryoning quyi oqimidagi davlatlar bilan kelishuvlar haqida maʼlumot bermadi. Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev 19 noyabr kuni kanal orqali suvni toʻlaqonli olish 2030-yildan oldin boshlanmasligini aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, suv olish hajmlari boʻyicha kelishuvlarni qurilish yakunlanganidan keyin imzolash rejalashtirilmoqda.
Kanal 2022-yildan beri qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 285 km boʻladi, ikkinchi bosqich esa Jauzjon va Faryob viloyatlari orqali oʻtadigan 177 kilometrlik uchastkani nazarda tutadi. Uzunligi 108 km boʻlgan birinchi uchastka 2023-yil oktabrida yakunlangan.






