Toshkentdagi ombor podvalida muddati oʻtgan dori vositalarini qayta qadoqlash sexi aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari Toshkentda sertifikatsiz dori vositalari hamda muddati oʻtgan preparatlarni qayta qadoqlash bilan shugʻullangan yashirin sexni aniqladi.

Yunusobod tumanidagi turar joyda 41 turdagi 31 454 ta dori vositasi topildi. Ularning qiymati 1,1 mlrd soʻmdan ortiq deb baholandi. Mahsulotlar 1975-yilda tugʻilgan Yashnobod tumani aholisiga tegishli boʻlgan.
Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotlariga koʻra, xorijiy dori vositalari Oʻzbekistonga aylanma yoʻllar orqali olib kirilgan va ularni poytaxt dorixonalari orqali sotish rejalashtirilgan.
Sergelida dori vositalari ulgurji savdosiga ixtisoslashgan MChJ omborida 204 turdagi 111 613 ta sifat sertifikatiga ega boʻlmagan dori vositasi aniqlandi. Ushbu partiyaning qiymati 584 mln soʻm deb baholanmoqda.
Ombor podvalida muddati oʻtgan dori vositalarini qayta qadoqlashga moʻljallangan yashirin sex va 25 dona uskuna topildi. Dori vositalaridan olingan namunalar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga ekspertizaga yuborildi. Har ikki holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda.






