Minskda MDH Inson huquqlari boʻyicha komissiyasining Oʻzbekiston ishtirokidagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Unda Oʻzbekiston nomidan Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatillo Tillabayev ishtirok etdi.

Undan tashqari, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston delegatsiyalari yigʻilishda bevosita hamda onlayn tarzda qatnashdi.
Yigʻilishning asosiy mavzusi nogironligi boʻlgan insonlarning huquqlari boʻldi. Bunga MDHda Sogʻliqni saqlashni muhofaza qilish yili hamda BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi qabul qilinganining 20 yilligi sabab boʻldi. Tillabayev Oʻzbekistonda bu kafolatlar Konstitutsiya va sohaga oid qonunda mustahkamlanganini, Konvensiya normalari esa milliy qonunchilikka joriy etilayotganini aytdi. Shuningdek, u hujjat yubileyi munosabati bilan Beshinchi Samarqand inson huquqlari forumida alohida sessiya boʻlib oʻtishini maʼlum qildi.
Yigʻilishda mehnat migrantlari, keksalar va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi ayollar huquqlari ham muhokama qilindi. Yakunda Komissiya MDHda Huquqiy maʼrifat yili deb eʼlon qilingan 2027 yil uchun ish rejasini tasdiqladi.






